
Sog‘lom avlod – kelajagimizning hal qiluvchi kuchidir. Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida sportni ommalashtirish, xususan, xotin-qizlar sportini rivojlantirishga qaratilayotgan yuksak e’tibor mohiyatida ana shu ezgu tamoyil mujassam.
Bugun yurtimizning barcha hududlarida, xususan, chekka qishloqlarida ham qizlarimizning badiiy gimnastika bilan shug‘ullanishi uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar ham ushbu olijanob maqsadga xizmat qilmoqda.
– Mazkur sport turini rivojlantirish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotir, – deydi Farg‘ona viloyati xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Zikrillo Teshaboyev. – Umumta’lim maktablari va maktabgacha ta’lim muassasalarida badiiy gimnastika to‘garaklarini tashkil etish, ularga qizlarimizni keng jalb etish borasida aniq chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Natijada qizlarning nafis sport turi bilan shug‘ullanishga bo‘lgan imkoniyat va qiziqishlari ortmoqda. Bu, qizlarimizning har tomonlama sog‘lom va barkamol bo‘lib ulg‘ayishini ta’minlaydi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, viloyat ta’lim muassasalarida tashkil etilgan to‘garaklarda 3 mingdan ortiq qiz badiiy gimnastika bilan shug‘ullanmoqda. Mashg‘ulotlar malakali murabbiylar tomonidan olib borilayotir. Ayniqsa, viloyatning chekka hududlarida sportning bu nafis turiga bo‘lgan qiziqish yildan yilga ortmoqda. Bu, avvalo, oilalarda sportga, ayniqsa, qizlar sportiga nisbatan qarashlar tubdan o‘zgargani samarasidir. Ota-onalar va qizlarning xohish-istaklaridan kelib chiqib, joriy yilning o‘tgan davrida Dang‘ara, Yozyovon, Oltiariq, Toshloq, Uchko‘prik, Bag‘dod tumanlarida ham badiiy gimnastika to‘garaklari tashkil qilindi.Ushbu to‘garaklarda 800 nafar qiz mahorat sirlarini o‘rganmoqda.
Mutaxassislarning fikricha, mazkur sport turi bilan qizlarni juda yoshligidan shug‘ullantirish yaxshi samara beradi. Ana shu maqsadda viloyatdagi maktabgacha ta’lim muassasalarining 2000 dan ortiq tarbiyalanuvchilari badiiy gimnastika to‘garaklariga jalb etilgan. Yaqinda, Oltiariq tumani Poloson qishlog‘idagi 6-maktabgacha ta’lim muassasasida ham yangi to‘garak faoliyat boshladi.
Viloyatdan yetishib chiqayotgan gimnastikachi qizlar bugun mahorat bobida nafaqat yurtimiz, balki boshqa mamlakatlarning mohir sportchilaridan ham qolishmaydi. Farg‘ona shahridagi 22- va 2- umumta’lim maktablari o‘quvchilari Sabina Xudiyeva hamda Ilvira Yuryevaning o‘tgan yili Germaniyada o‘tkazilgan badiiy gimnastika bo‘yicha xalqaro musobaqada sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritgani buning tasdig‘idir. Quva tumanidagi 2-bolalar va o‘smirlar sport maktabi tarbiyalanuvchisi Kamola Rahmonovaning yaqinda badiiy gimnastika bo‘yicha Belgiyada bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida qo‘lga kiritgan yuqori natijasi ham yurtimizda qizlar sporti izchil rivojlanayotganini ko‘rsatadi.
Viloyatda qizlar sportini ommalashtirish borasida erishilayotgan muvaffaqiyatlar Quva tumanida o‘tkazilgan badiiy gimnastika bo‘yicha viloyat birinchiligida ham yaqqol namoyon bo‘ldi. Farg‘ona, Qo‘qon shaharlari, O‘zbekiston, Qo‘shtepa, Toshloq tumanlaridan kelgan gimnastikachi qizlarning mahorati hakamlar tomonidan yuqori baholandi.
|