Zamonaviy o‘quv maskanlari
Toshkent viloyatida bugungi kunda 120 kasb-hunar kolleji va akademik litseylar faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularda 108 ming nafardan ortiq o‘quvchi o‘n yo‘nalish, 128 mutaxassislik bo‘yicha ta’lim-tarbiya olmoqda. Viloyatda 2009 yili manzilli dasturga kiritilgan 16 ta’lim muassasasi yangidan qurilib, foydalanishga topshirildi. Yetti ilm maskanida kapital rekonstruksiya hamda ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Bitta yangi akademik litsey qurildi.
O‘rtachirchiq tumani "Yangi turmush” qishloq fuqarolar yig‘inidagi zamonaviy arxitektura talablari darajasida bunyod etilgan 435 o‘rinli pedagogika va xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kolleji ham o‘tgan yili qurildi. Uni "Binokor qurilish ta’minot” xususiy qurilish korxonasi bunyodkorlari barpo etdi.
– Yurtboshimizning yuksak e’tibori va g‘amxo‘rligi tufayli yosh avlodni har tomonlama sog‘lom kamolga yetkazish, ularga bilim berish va kasb-hunar o‘rgatishga katta e’tibor qaratilmoqda, – deydi kollej rahbari Xushnud Norqulov. – Uch qavatli, katta sport zali, zamonaviy, keng va shinam o‘quv xonalari, fan kabinetlariga ega bo‘lgan kollejda ayni paytda 360 nafar o‘quvchi kasb-hunar sirlarini o‘rganmoqda. Bu yerda yoshlar uchun barcha shart-sharoit yaratilgan.
Mazkur kollejda o‘quvchilar boshlang‘ich ta’lim, maktabgacha va oilaviy ta’lim, jismoniy tarbiya va bolalar sporti, buxgalteriya hisobi, ekologiya va atrof-muhit muhofazasi yo‘nalishlarida ta’lim olmoqda.
– Biz, yoshlar uchun yaratilgan bunday shart-sharoitlardan behad xursandmiz, – deydi kollejning boshlang‘ich ta’lim yo‘nalishi o‘quvchisi Oygul Ismoilova. – Ushbu kasb-hunar kollejining tumanimizda ochilgani juda yaxshi bo‘ldi. Chunki avvaldan shu yo‘nalishda ta’lim olish orzusida edim. Bu yerda barcha zarur o‘quv adabiyotlari, ta’lim jihozlari mavjud. Kelgusida oliy o‘quv yurtiga kirib, shu yo‘nalishda tahsilni davom ettirish niyatidaman.
Joriy yilda Toshkent viloyatida ikki ming 145 o‘quvchi o‘rniga ega beshta kasb-hunar kollejini foydalanishga topshirish mo‘ljallanmoqda.
|